O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida, Turkiyaning Bursa shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionatida va Gretsiyaning Lutraki shahrida Butunjahon sport o‘yinlarida mutloq ustunlik bilan yurtimizga qaytib kelgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Mazkur tantanali tadbirda Sport vaziri A.Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari O.Umarov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov, Qo‘l jangi federatsiyasi raisi - Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari D.Nazarmuhammedov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari D.Anarqulov, Prezident Davlat xavfsizligi xizmati raisi birinchi o‘rinbosari A.Mo‘minov, Mudofaa vazirining o‘rinbosari Q.Tursunov, Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyev hamda boshqa sohaga oid mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.
Sport vaziri A.Ikramov tadbirni ochib berib, kirish so‘zida barchani ushbu g‘alaba bilan muborakbod etdi va bu yutuqlar, avvalo, Yurtboshimiz – O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyevning keng ko‘lamli, oqilona va istiqbolli siyosatlari, xususan sohani yuksaltirishga qaratayotgan e’tiborlari va yaratib bergan shart-sharoitlari samarasi ekanligini e’tirof etgan holda so‘ngi yillarda sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan yutuqlarni sanab o‘tdi.
Yuqorida bildirilgan fikrlarni O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qo‘l jangi federatsiyasi raisi-Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev qo‘llab quvvatlagan holda, Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil 20 iyulda “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”da 287-sonli tarixiy qaror qabul qilinishi, sportchilarni xalqaro darajada tayyorlash uchun mustahkam poydevor bo‘lib mutlaqo yangi tizim yaratilishiga keng eshiklar ochib berganiga alohida urg‘u berdi.
Xususan, joriy yilning 30 may - 1 iyun kunlari Turkiyaning Bursa shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionatida 32 davlatdan 400 dan ortiq qo‘l-jangchilar ishtirok etganligi va ushbu chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari 10 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni (2-o‘rinni Rossiya, 3-o‘rinni Qozog‘iston jamoalari egalladi) egallaganliklari bunga yaqqol misol bo‘la olishi haqida fikr bildirildi.
Buning mantiqiy davomi sifatida, navbatdagi g‘alaba, qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan Gretsiyaning Lutraki shahrida 3 – 8 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Butunjahon sport o‘yinlari musobaqalarida qo‘lga kiritilganligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Unda dunyo bo‘ylab 60 ga yaqin davlat sportchilari 28 ta sport yo‘nalishi bo‘yicha bellashgan bo‘lsa, «Qo‘l jangi» musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari jami 13 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni (2-o‘rinni Ukraina, 3-o‘rinni Germaniya terma jamoalari ) egallagan holda sportchilarimiz dunyoda yetakchiliklik qilayotganligini yana bir bor isbotlagani haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari O.Umarov tomonidan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat qo‘l jangi ustalari o‘zlarining vatanparvarligi, intizomi, shijoati va sadoqati bilan barcha sportchilarga namuna bo‘lib kelayotganliklari hamda bu jihatlarni yoshlarga singdirishda ko‘makdosh ekanliklari alohida ta’kidlanib bu borada sport federatsiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng, an’anaga ko‘ra, Sport vaziri, A.Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari O.Umarov, Qo‘l jangi federatsiya raisi - Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari tomonidan xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan sportchilar, murabbiylar, hakamlar hamda federatsiya shtab a’zolari munosib taqdirlandilar.
Tadbir yakunida, mazkur tarixiy g‘alabalarga hissa qo‘shgan sportchilarga, murabbiylarga, hakamlarga va Qo‘l jangi federatsiyasi jamoasiga yana bir bor minnatdorlik bildirilib, bu kabi g‘alabalar bardavom bo‘lishiga katta ishonch bildirildi.