Farg‘ona viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, bir mlrd so‘mlik pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Qo‘qon shahrida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasini oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan ushbu shahar hududida harakatlanayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina yashash xonadonlarining birini oldiga yaqinlashgan vaqtida belgilangan tartibda to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida avtomashina salonida 16 dona qutilarda jami 900 donaga yaqin mushak pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, haydovchining ko‘rsatmasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashina yaqinlashgan xonadon ham belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, yashash xonadonida ham 50 dona qutilarda jami 2800 dona mushak pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dastlabki qiymati 1 mlrd. 35 mln so‘mlik jami 66 ta qutilarda 3700 donaga yaqin “7 SHOTS” nomli mushak pirotexnika vositalari holati bo‘yicha tegishli tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.