Milliy gvardiya va yoshlar
Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan yoshlar va o‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, kuni-kecha Zarafshon sanoat kasb-hunar kollejida Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakillari tomonidan Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘quvchilar ishtirokida huquqbuzarliklar mavzusida suhbat o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlarga huquqbuzarliklar qanday turlarga bo‘linishi, qaysi hollarda huquqbuzarni maʼmuriy qaysi hollarda esa jinoiy javobgarlikka tortish mumkinligi tushuntirildi.
Uchrashuv so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Zarafshon shahar “Qo‘riqlash” bo‘limida ochiq eshiklar kuni tashkil etilib, unga 2-sonli umumtaʼlim maktab o‘quvchilari taklif qilindi. Tadbir davomida bolalarga “Qo‘riqlash” xizmatining vazifalari haqida so‘zlab berilib, qo‘riqlov signalizatsiya qurilmalari bilan tanishtirildi. Ayniqsa, tezkor guruhlar faoliyati haqidagi maʼlumotlar maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ochiq eshiklar kunida ishtirokchilar imkon qadar foydali maʼlumotlar olishlari uchun
“Qo‘riqlash” bo‘limi xodimlari o‘sha kuni Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan hamkasblarini taklif qilishdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha suhbat o‘tkazildi.