Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligi muhim poydevordir
Davlatimiz rahbarining Qarorlari va sohaga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosiga qaratilgan o‘rganish ishlari, Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev tomonidan Toshkent shahrida joylashgan maxsus bo‘linmalarning jangovar shayligini ko‘zdan kechirish bilan amalga oshirildi.
Unda brigada bo‘linmalarining o‘ziga xos vazifalaridan kelib chiqqan holda harbiy xizmatchilarning jangovar va maxsus tayyorgarligi, xususan shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda aniq va ishonchli harakatlari hamda sunʼiy intellektga asoslangan boshqaruv tizimining zamonaviy usullari o‘rganildi.
Tadbir davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan dunyo va mintaqamizda yuz berayotgan ijtimoiy va harbiy siyosiy vaziyatlar tahlil qilingan holda qator misollar keltirilib, amaliy mashg‘ulotlarni haqiqiy holatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda hamkor vazirliklar bilan birgalikda olib borilishini yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, har qanday xavf xatarlarni oldini olish va bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning doimiy jangovar shayligini taʼminlash, o‘z o‘rnida mazkur yo‘nalishdagi amalga oshirilayotgan ishlarni jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda takomillashtirib borilishiga oid vazifalar belgilab berildi.