O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent “Temurbeklar maktabi” hamda Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizdagi Milliy gvardiya Temurbeklar maktabida bo‘lib o‘tgan mazkur tantanali tadbir yuqori darajada tashkillashtirilib, unda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari S.Mamayusupov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzosi R.Kalanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Sh.Ulug‘bekov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi vakili D.Jalolov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori o‘rinbosari A.Xomidov, Yoshlar ishlari Agentligi direktori o‘rinbosari A.Mo‘minov, Toshkent shahar xokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D.Raximova, shuningdek, sohaga oid rahbarlar, faxriylar, ota-onalar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqanlar, Davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur” deya taʼkidlagan so‘zlarini yodga olib, Yoshlarni vatanparvarlik ruxida tarbiyalashda hamda Milliy armiyamizni, har tomonlama yetuk kadrlar bilan taʼminlashda Milliy gvardiya tizimida faoliyat yuritayotgan harbiy taʼlim muassasalarining muhim o‘rni haqida so‘z yuritib, yangi hayotga qadam qo‘yish arafasida turgan bitiruvchilarga samimiy tilaklarini bildirishdi.
Shuningdek, ushbu dargohlarni bitirayotgan va ko‘zlari chaqnab turgan o‘quvchi yoshlar maqsadlari yo‘lida davom etib, oliy va oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursant va talabalari bo‘lib kelgusida albatta Vatanimiz tinchligi hamda osoyishtaligini mustahkamlashga o‘z hissalarini qo‘shishlariga va Yangi O‘zbekistonning mustahkam qanotlariga aylanishlariga katta ishonch bildirildi.
Shundan so‘ng, “Temurbeklar maktabi”ning 143 nafar bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlari (shundan 6 nafariga imtiyozli diplom va “Aʼlochi o‘quvchi” ko‘krak nishoni) topshirilgan bo‘lsa, Harbiy musiqa akademik litseyining 37 nafar bitiruvchisiga (shundan 6 nafariga imtiyozli diplomlar) diplom va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda taqdim etildi.
Ko‘tarinki ruhda davom etgan tadbirning badiiy qismida Harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilarining “Zarbli cholg‘ular ansambli” guruhi chiqishlari hamda “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Ushbu marosim nafaqat bitiruvchilar uchun balki ularni katta hayajon bilan kuzatayotgan yaqinlari va ota-onalari uchun ham unutilmas kun bo‘ldi.