O‘zbekistonda "Pekiti Tirsia Kali" federatsiyasining tashkil etilishi va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekistonda jang san’ati va o‘zini-o‘zi himoya qilish tizimini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish borasida Milliy gvardiya homiyligida "Pekiti tirsia kali" federatsiyasining shakllantirilishi va Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ushbu tizimni takomillashtirish uchun huquqiy asos bo‘lish bilan birga, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar uchun hamkorlik imkoniyatlarini ham ochib berdi.
Amalga oshirilgan ishlar samarasida 2023-yilning mart oyidan beri Milliy gvardiyaning Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi negizida faoliyat yuritib kelayotgan va Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan "Pekiti tirsia kali" “PTK Bantay” (Jangchi) sport klubi maktabida mamlakatimiz kuch tuzilmalari harbiy xizmatchi va xodimlari bilan tizimli ravishda trening va mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur jang san’atini rivojlantirish borasida O‘zbekistonga bildirilgan ishonchning mantiqiy davomi sifatida, ilk bor Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari mutaxassislari Buxoro shahriga taklif qilingan holda "Pekiti Tirsia Kali" Jahon federatsiyasining prezidenti Rommel Tortal boshchiligida navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-trening joriy yilning 21-maydan 9-iyun kuniga qadar bir oy davom etdi va mashg‘ulot yakunida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayevning "Pekiti Tirsia Kali" Jahon federatsiyasi prezidenti Rommel Tortal bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda federatsiyaning tashkil qilinganligi va jang san’atining zamonaviy usullari, maxsus bo‘linmalar uchun o‘zini-o‘zi himoya qilish texnikalari va xalqaro standartlar bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda turli trening va tajriba almashinuv tadbirlarini tashkil etish, ushbu jang san’ati bo‘yicha xalqaro musobaqalar o‘tkazish hamda mutaxassislarning malakasini oshirib borish kabi muhim masalalarning istiqbolli rejalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qadimiy va navqiron Buxoro shahrida tashkil etilgan ushbu seminar-trening muhim ahamiyat kasb etib, "Pekiti Tirsia Kali" jang san’ati bo‘yicha O‘zbekiston va xorijiy mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘lgani va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash imkoni yaratilgani e’tirof etildi.