Samarqandda yoshlar bandligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan respublika amaliy seminari bo‘lib o‘tmoqda
Bugun, 15-avgust kuni Samarqand shahrida yoshlar bandligini ta’minlash, ishsizlikka barham berish va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan Respublika amaliy seminari boshlandi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish doirasida tashkil etilmoqda.
Tadbirda viloyat hokimi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi, Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari, Mudofaa vaziri oʻrinbosari, Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari, Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, shuningdek, Qurolli Kuchlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, YUNISEF tashkilotining Oʻzbekistondagi doimiy vakili, Yoshlar ishlari agentligi direktori va boshqa vazirlik, tashkilot, idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Uchrashuv davomida “Mahalla yettiligi” a’zolari hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan mas’ul rahbarlar tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi. Mazkur tashabbuslar hududlarda izchil va samarali joriy etilishi, ularni amalga oshirishda hamkorlik va yangicha yondashuvlar muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Seminar dasturi doirasida 15–17-avgust kunlari soat 09:00 dan boshlab Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli bog‘da bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi hamda “Ta’lim ko‘rgazmasi” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ishsiz yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar doirasida imtiyozli yer ajratilgan yoshlarning yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.
Mazkur amaliy seminar yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.