Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida Milliy gvardiya bo‘linmalarining yuqori jangovar shayligi ta’minlanmoqda
Avval xabar berganimizdek, Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining jangovar salohiyati, gvardiyachilarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini mustahkamlash hamda zamon talablariga mos takomillashtirishga qaratilgan manzilli ishlar Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev tomonidan davom ettirilmoqda.
Shu kabi manzilli ishlar, Toshkent shahrida joylashgan batalonlarning birida amalga oshirilib, unda maxsus bo‘linmalarning o‘ziga xos vazifalaridan kelib chiqqan holda gvardiyachilarning jangovar va maxsus tayyorgarligi, xususan shahar sharoitidagi nostandart vaziyatlarda aniq va ishonchli harakatlari hamda sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimining zamonaviy usullari ko‘zdan kechirildi.
Tadbir davomida amaliy mashg‘ulotlarni haqiqiy holatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda olib borilishi hamda nostandart vaziyatlarda gvardiyachilarning o‘ziga biriktirilgan jangovar qurollardan va maxsus vositalardan to‘g‘ri va ishonchli foydalangan holda yuklatilgan vazifalarni aniq va yuqori darajada bajarishlariga, shuningdek favqulodda vaziyatlarda o‘ziga va safdoshlariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga doir bilim va ko‘nikmalarini oshirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, har qanday xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning yuqori jangovar va jismoniy tayyorgarligini taʼminlash, xususan gvardiyachilarning "Pekiti Tirsia Kali" jang sanʼatini puxta oʻzlashtirishlari, shuningdek dron va ularga qarshi vositalarni qoʻllash usullari, oʻz oʻrnida mazkur yoʻnalishdagi amalga oshirilayotgan ishlarni jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda doimiy ravishda takomillashtirib borilishiga oid vazifalar belgilanib, tegishliligi boʻyicha topshiriqlar berildi.