“9-may - Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan, Milliy gvardiya tizimida xizmat qilib, oʻz burchini sadoqat bilan ado etib, jasorat koʻrsatgan holda, qahramonlarcha halok boʻlgan safdoshlarimiz xotirasi yodga olinib, joylarda tadbirlar tashkillashtirilmoqda.
“9-may - Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan xizmat burchini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan safdoshlarimiz serjant Suyarov Xusniddin Zokirovich hamda serjant Suyunov Xazrat Karomatovichlarning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida joylarda tadbirlar tashkil etildi. Unda Milliy gvardiya Faxriylar kengashi, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari boʻyicha boshqarmalari harbiy xizmatchilari, harbiy prokuratura, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Kengashi masʼullari, zamonamiz qahramonlari tahsil olgan maktab oʻquvchilari hamda keng jamoatchilik ishtirok etishdi.
Shu kuni Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasida oʻrnatilgan qahramonlarimizning monumenti qarshisida ularning xotirasi yod etildi.
“Qahramonlar nomi barhayot” shiori ostida marhum serjant Suyarov Xusniddin Zokirovich va serjant Suyunov Xazrat Karomatovichlarning yorqin xotirasiga ehtirom koʻrsatilib, Sardoba tumanida oʻrnatilgan monumenti poyiga gulchambar qoʻyildi.
Shuningdek, oʻz hayotini xavf xatarga qoʻyib mardlarcha halok boʻlgan serjant Xusniddin Suyarov taʼlim olgan Boyovut tumanida joylashgan 4-sonli umumtaʼlim maktabida oʻrnatilgan byusti yonida ham tadbir tashkil etilib, uning jasorati yod etilib, qahramonligi oʻquvchilarga hikoya qilib berildi. Shundan soʻng qabri ziyorat etilib, u yerda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi.
Xizmat burchini bajarish vaqtida mardlarcha halok boʻlgan serjant Xazrat Suyunov tugʻilib oʻsgan Nurota tumanidagi oʻzi tahsil olgan 10-sonli maktabida ham 9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Qahramonlar nomi barhayot” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda jam boʻlganlar fuqarolar xavfsizligi va hayotini saqlab qolishdek sharafli vazifani ado etish chogʻida halok boʻlgan Vatanimizning jasur oʻgʻlonlari gvardiyachi yigitlarning mardligi tilga olinib, eng ezgu soʻzlar bilan xotirlandi.
Tadbirlar davomida qahramonlarimiz oila aʼzolari va yaqinlari holidan ham xabar olindi.