YANGI OʻZBEKISTON – BAXTIYOR BOLALAR MAMLAKATI
Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan har tomonlama barkamol avlod tarbiyasiga yuksak eʼtibor qaratilib, koʻplab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ham baxtiyor bolalar mamlakati boʻlgan Yangi Oʻzbekistonda oʻzgacha ruh va koʻtarinki kayfiyatda nishonlanadi.
Ana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida poytaxtimizdagi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari saroyida oʻtkazildi. Tashkil etilgan mazkur tantanali tadbirga Toshkent shahridagi 22- va 30-Mehribonlik uylari hamda SOS-Oʻzbekiston bolalar mahallalari filialida tarbiyalanayotgan bolajonlar, Sirdaryo, Toshkent shahri va viloyatlaridagi Oilaviy uylar oʻgʻil-qizlaridan iborat 500 nafar yosh avlod vakillari taklif etildi.
Bolajonlar Milliy gvardiya harbiy orkestri va milliy musiqa jamoalari ijrosidagi kuylar sadosi ostida bayramona kutib olindi.
Shundan soʻng, bolajonlar uchun “Qaldirgʻoch” bolalar sanʼat markazi oʻquvchilari ishtirokida Alisher Navoiyning “Lison ut tayr”, yaʼni “Qush tili” dostoni asosida maxsus sahnalashtirilgan “Semurgʻ haqida afsona” nomli musiqali spektakl namoyish etildi. Sahnalashtirilgan mazkur spektakl orqali ezgulikning yovuzlik ustidan doimo gʻalaba qozonishi tarannum etildi. Spektakl bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Spektakldan soʻng bolajonlar Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida boʻldilar. Yosh avlod vakillari universitet boʻylab tashkil etilgan sayohat davomida harbiy orkestr, faxriy qorovul boʻlinmasining saf chiqishlari va qoʻl jangi usullarini tomosha qilishdi. Shuningdek, harbiy texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasi ham namoyish etildi. Shundan soʻng ular bayram dasturxoniga taklif etildi.
Bundan tashqari bolajonlar universiteti muzeyi va kutubxonasida boʻlishib, oʻzlari uchun kerakli boʻlgan maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Bularning barchasi bolajonlarda katta taassurot qoldirdi.