Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan kavaleriya bo‘linmalari mutaxassislari uchun ot sporti bo’yicha o’quv-mashg’ulot yig’ini bo’lib o’tmoqda
Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan kavaleriya bo‘linmalari – harbiy sohadagi mas’uliyatli va o‘ziga xos yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu bo‘linmalarda xizmat qilayotgan mutaxassislar nafaqat yuqori jismoniy tayyorgarlikka, balki xizmat otlari bilan ishlashda chuqur bilim va malakaga ega bo‘lishlari lozim. Shu boisdan Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan kavaleriya bo‘linmalari mutaxassislari uchun ot sporti bo’yicha o’quv-mashg’ulot yig’larini bo’lib o’tmoqda.
Mazkur o‘quv-mashg‘uloti boshqa an’anaviy yig‘inlardan tubdan farq qiladi. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, bu safar mashg‘ulotlar xalqaro tajribaga ega, ot sporti sohasida katta yutuqlarga erishgan fransiyalik Oliver Billaund ishtirokida o‘tkazilmoqda. U nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy ko‘nikmalarni ham o‘rgatib, ishtirokchilarga jahon tajribasidan namunalar asosida saboq bermoqda.
Malakali mutaxassisning mashg‘ulotlarga jalb etilishi Milliy gvardiya kavaleriya bo‘linmalari uchun katta imkoniyat bo‘lib, bu orqali harbiy xizmatchilar zamonaviy yondashuvlar, otlar bilan ishlashdagi ilg‘or texnika va metodikalarni chuqur o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Bu esa kelgusida xizmat samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, Milliy gvardiya Ot sporti bo’yicha respublika oliy sport mahorati hamda Toshkent shahar Chavandozlar maktablari va Milliy gvardiya Kavaleriya eskadronining mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilarga otda yurish texnikasi, jangovar holatlarda tezkorlik bilan harakatlanish, shuningdek, otlarning harbiy xizmatga tayyorgarligi, ularni parvarishlash, veterinariya nazorati, otlarni taqalash, ratsion asosida ovqatlantirish, sharoitga mos holda jismoniy yuklama berish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Mashg’ulotlar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, otlar bilan ishlash ko‘nikmasini yanada oshirish, shuningdek, tezkorlik, muvofiqlik va jamoaviy harakatni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Kavaleriya bo‘linmalarining o‘ziga xos jihatlari va taktik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ular bilan olib borilgan mashg’ulotlar nafaqat nazariy, balki real sharoitlarga yaqin holatda tashkil etildi.