Oldin xabar berganimizdek Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh Xorazm viloyatida Davlatimiz rahbari topshiriqlarining amaliy ijrosini taʼminlash choralarini ko‘rmoqda.
Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor aholining ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish va kommunal sohadagi muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, kriminogen vaziyatni yana-da barqarorlashtirish hamda yo‘llarda fuqarolar xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish, yo‘llarning infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga qaratilmoqda.
Xususan, bugun Milliy gvardiya qo‘mondoni boshchiligidagi ishchi guruh Urganch shahar dehqon bozoridagi narx-navolar barqarorligi va aholiga yetkazib berilayotgan oziq-ovqatlarning sifati, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarlar holati, taʼlim muassasalarida o‘quvchilarning taʼlim-tarbiya olishlari va sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy himoya ko‘rsatish markazidagi bolalar va ularning sog‘ligi bilan bog‘liq masalalar, Davlat xizmatlari markazida tashkil qilingan probatsiya nazoratidagi hunarmandlar faoliyati o‘rganildi. Shuningdek, tuman va mahallalarda aholining murojaatlari bilan ishlash ahvoli yuzasidan beshlik bilan uchrashib fikr mulohazalari tinglandi.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan va aniqlangan muammoli masalalarni tezkor bartaraf etish choralari yuzasidan Milliy gvardiya qo‘mondoni raisligida video-selektor tarzidagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi v.v.b J.Rahimov, IIV o‘rinbosari general-mayor B.Abdullayev, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyatning sektor rahbarlari, Milliy gvardiyaning sohaviy xizmatlari hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullari ishtirok etishdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan idoralararo ishchi guruh tarkibiga aʼzo masʼul vazirliklarning mutasaddi rahbarlariga tegishliligi bo‘yicha mavjud muammolarni aniqlash hamda o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan aniq vazifalar va ularning ijro muddatlari belgilab berildi.
Xorazm viloyatida Idoralararo ishchi guruhning faoliyati davom etmoqda. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha maʼlumotlar rasmiy saytlarimiz orqali yoritib boriladi.