Qoraqolpog‘iston Respublikasida kuch tuzilmalari harbiy xizmatchi va xodimlari o‘rtasida “Breyn Ring” intellektual zakovat o‘yini o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi zamini yana bir bor bilim, zakovat va tafakkur nurlari bilan yoritildi. Bu galgi intellektual maydon “Breyn Ring” musobaqasiga mezbonlik qildi. Yurtimiz kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan fidoyi harbiylar bir sahnada jam bo‘lib, aql va zakovat bellashuvida o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqaning asosiy maqsadi — harbiy xizmatchilar orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, mantiqiy fikrlash, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, jamoaviy ishlash madaniyatini yana-da mustahkamlashdan iborat bo‘lib, qizg‘in va ilhom baxsh etuvchi muhitda o‘tgan bellashuvda ishtirokchilar tarixning murakkab sahifalaridan tortib, zamonaviy harbiy texnologiyalar va umumiy dunyoqarashga oid savollarga javob berish orqali o‘zlarining keng qamrovli bilimlarini namoyon etdilar.
Tadbir yakunida eng faol va bilimdon ishtirokchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy okrugi qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu eʼtiroflar ishtirokchilar uchun nafaqat faxrli mukofot, balki kelajakdagi yutuqlarga yetaklaydigan ishonch manbaiga aylandi.
Taʼkidlash joizki, ushbu musobaqa harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligiga yangicha turtki, bilimga chanqoqlik va doimiy o‘z ustida ishlash ruhini olib kirdi. Harbiy xizmat faqatgina jismoniy tayyorgarlik emas, balki intellektual yetuklikni ham talab etishini yana bir bor isbotladi.