QALBAKI PULLARNI MUOMALAGA KIRITGAN SHAXS QO‘LGA TUSHDI
Joriy yilning 1 mart kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Loyihaviy ko‘chasida joylashgan savdo rastasi sotuvchisi fuqaro M.J. ushbu hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga murojaat etib, undan 1 dona 100 000 so‘mlik kupyurani mayda kupyuraga almashtirishni so‘ragan nomaʼlum fuqaroga 1 dona 50 000 va 5 dona 10 000 so‘mlik kupyuralarni berganini, ammo oradan biroz vaqt o‘tib, nomaʼlum fuqaro bergan 100 000 so‘mlik kupyurani qalbakiligini sezib qolganini maʼlum qilgan.
Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilar tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida nomaʼlum fuqaro qo‘lga olinib, dastlabki surishtiruvda uning Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 21 yoshli M.O. ekanligi aniqlangan. Shuningdek, fuqaroning yonidan chiqqan 16 dona qalbaki 100 000 so‘mlik kupyuralar ashyoviy dalil tariqasida olinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.