Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida, tinchlik va osoyishtalik posbonlari bo‘lmish yosh ofitserlar sharafli xizmatga yo‘l olishdi. Shu munosabat bilan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5077 qaroriga asosan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti qayta tashkil qilindi.
Mazkur qaror asosida Mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligiga bo‘lgan har qanday tahdidlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirilib, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlar tizimlariga kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Xususan, bu yil Jamoat xavfsizligi universiteti bitiruvchilaridan ikki yuzga yaqini Milliy gvardiya saflariga, yuzdan ortiq yosh ofitserlar Ichki ishlar vazirligining Post patrul xizmati, Yo‘l patrul xizmati, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yo‘nalishi va Qo‘riqlash bo‘linmalariga, shuningdek, Mudofaa vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati tuzilmalariga xizmat faoliyatlarini davom ettirish uchun taqsimlandi. Bitiruvchilar orasida To‘maris izdoshlari bo‘lgan o‘nlab qizlarning mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash yo‘lidagi mas’uliyatli hayotga qadam qo‘yganliklari esa gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Vatanni asrash, uni himoya qilish — har bir farzand uchun muqaddas burch, ulug‘ mas’uliyat va sharafli vazifadir. Bugun ana shunday muqaddas burchni o‘ziga sharaf deb bilgan Jamoat xavfsizligi universiteti bitiruvchilari uchun unutilmas kun, yosh ofitserlarining navbatdagi bitiruviga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi U.Shermatov, Oliy Majlis senatining Fan, ta’lim, sog‘likni saqlash masalalari qo‘mitasi senatori G.Marufova, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi A.To‘ychiyev, Respublika Harbiy prokurorining o‘rinbosari adliya polkovnigi Q.Isroilov, Toshkent harbiy prokurori O.O‘sarov, Ichki ishlar vazirligi mas’ullari, Vatan xizmatida faoliyat ko‘rsatgan faxriylar, ommaviy axborot vositalari, mehmonlar va ota-onalar hamda Mehribonlik uylari ishtirok etishdi.
Tadbirning kirish qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil avgust oyida ushbu maskanga tashrifi davomida belgilab bergan ustivor vazifalari yodga olinib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan so‘z yuritildi.
Shuningdek, bitiruvchilarga va ularning yaqinlariga samimiy tilaklarini bildirgan holda, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli kasb egalariga aylangan yosh ofitserlardan halollik, sadoqat, kamtarlik, yuksak mas’uliyat hissi va vataniga bo‘lgan muhabbati yuqori bo‘lishini ta’kidlab, to‘rt yil davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llagan holda “Burch, Sadoqat, Jasorat” shiori ostida sidqidildan xizmat qilishlariga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida, so‘zga chiqqanlar tomonidan qo‘mondonning fikrlari qo‘llab-quvvatlangan holda ushbu tantanali marosim nafaqat bitiruvchilar uchun, balki ularning ota-onalari, ustozlari va butun millat uchun faxrli kun ekanligi haqida so‘z yuritishdi va yosh ofitserlarga Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishlarida omad va muvaffaqiyat tiladilar.
Tantanali marosimning eng unutilmas lahzalari — diplom va ko‘krak nishonlarining topshirilishi, shubhasiz. Bu jarayon har bir yosh ofitser qalbida milliy faxr va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijro etilishi, harbiy orkestr sadolari, kursantlarning ko‘rgazmali chiqishlari, jumladan, tarixiy kiyimlarda buyuk sohibqiron va sarkarda ajdodlarimizni otliq ko‘rinishida To‘maris, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur siymolarining chiqishlari mehmonlar va ota-onalar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.