“30-iyun — Yoshlar kuni” munosabati bilan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Albatta, yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor Mamlakatimiz Prezidenti Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni rahbarligida olib borilayotgan yoshlar siyosati natijasida yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda yoshlarning taʼlim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Milliy gvardiya tizimida ham yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Milliy gvardiyaning “Yosh gvardiyachilar”, “Yoshlar bilan ochiq muloqot”, “Men – vatan himoyachisiman” kabi tashabbuslar orqali yoshlar orasida yurtimizga boʻlgan muhabbat, Vatanga sadoqat, fidoyilik va javobgarlik tuygʻularini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Yoshlar oyligi yakunlariga bagʻishlangan tantanali tadbirda ishtirok etgan Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan ham yoshlar oyligi va yurtimizda davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining yoshlar hayotida tutgan oʻrni toʻgʻrisida yana bir bor toʻxtalib oʻtildi.
Tadbir davomida “30-iyun — Yoshlar kuni” bayrami munosabati bilan Milliy gvardiya qoʻmondonining ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga koʻra hamkor vazirlik va idoralar, harbiy xizmatchilar va bir qator yoshlar koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
Tadbir soʻngida Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli xonandalarining konsert dasturi yoshlar uchun armugʻon etildi.