Jizzax viloyatida Milliy gvardiya tizimidagi mutaxassis-kinologlar bilan “Dog-biatlon”, "Mina qidirish" va “Antiterror” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha “Eng yaxshi kinolog” sport musobaqasi o‘tkazildi.
Kinologiya xizmati Respublikamiz hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni xizmat itlari yordamida fosh etish, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashda o‘zining beqiyos imkoniyatlarga ega ekanligi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ichida alohida ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda Milliy gvardiya bo‘linmalarida ham kinologiya xizmati ilg‘or xizmat sohalari orasida munosib o‘ringa ega. Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi bazasida tizimda xizmat olib borayotgan kinologlar va ularning xizmat itlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Antiterror” yo‘nalishi bo‘yicha “Eng yaxshi kinolog” sport musobaqasi ham sohaga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasidir. 6 kun davomida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda Milliy gvardiyaning respublikamizdagi barcha kinologiya xizmatlaridan 40 ga yaqin mutaxassis kinologlar va xizmat itlari ishtirok etishdi.